Part 2 da sizga karta beriladi, 1 daqiqa tayyorgarlik va 1–2 daqiqa gapirish. Eng katta xato — tayyorgarlik vaqtida to'liq gaplar yozish. Gap yozsangiz, keyin uni o'qiysiz, o'qigan nutq esa darrov bilinadi va ball tushadi.
Faqat besh-oltita so'z yozing
Kartadagi har bir bandga bitta kalit so'z yozing — gap emas. Masalan «A teacher who helped you» kartasi uchun: Nilufar / 9-sinf / sabr / test / har kuni o'qish / ishonch.
Oxirgi kalit so'z — «nega bu muhim» degan javob bo'lsin. Kartaning oxirgi bandi doim «and explain why...» bilan tugaydi va aynan shu qism ko'p tashlab ketiladi.
Bitta hikoya, uchta fakt emas
Ikki daqiqa uzoq tuyuladi, lekin bitta aniq voqeani aytsangiz, o'zi to'ladi. Uchta alohida faktni aytsangiz, 40 soniyada tugab qolasiz va qolgan vaqtda takrorlashni boshlaysiz.
Vaqt tugasa nima bo'ladi
Imtihonchi sizni to'xtatadi — bu yomon belgi emas, balki yaxshi: siz to'liq ikki daqiqa gapirdingiz. Aksincha, 50 soniyada tugatib qo'yish ball tushishiga olib keladi.
Mashq qilganda telefonda taymer qo'ying va o'zingizni yozib oling. Birinchi marta tinglash noqulay bo'ladi; uchinchi martadan keyin siz o'zingiz xatolarni eshitasiz — bu imtihonchidan tezroq o'rgatadi.